Koʻnglimda bir yor
Muhammad Yusuf bu sheʼrida «Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan...» deb yozadi. Bu misralar shoirning odamlar qalbiga ishorasi. Yashashdan maʼno koʻngilni asrash, koʻngilni avaylash, koʻngil uchun hisob berish deb bilgan shoir odamlar orasida oʻzini qanchalik begona his qilgan ekan-a... Aslida, sheʼr darddan yaraladi. Shoirga esa dard kimga tegishli ekanining ahamiyati yoʻq. U butun gardanida oʻsha ogʻriqni, oʻsha iztirobni koʻtarib yuradi. Muhammad Yusuf xalqona shoir, uni oʻzbekning har bir farzandi yaxshi koʻradi, yuragiga yaqin oladi. Shundanmi, uning qalbini, uning tuygʻularini misralarga solgan shoirga vafotidan soʻng ham ehtirom koʻrsatishda davom etmoqda. Biz ham ushbu kitobni qayta nashrga tayyorlaganimizdan xursandmiz. Zero, bizning ham shoirga ehtiromimiz katta.
